Ma’lumot

O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

MAMLAKATNING IJTIMOIY HAYOTIDA FAOL QATNASHAYOTGAN YOSh OILALARNI UY-JOY BILAN TA’MINLASHNI YANADA QO‘LLAB-QUVVATLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 37-son, 468-modda; 2016-y., 18-son, 198-modda)

«O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2014-yil 6-fevraldagi PQ-2124-son qaroriga muvofiq, shuningdek mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni yanada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylar qurish hamda mavjud foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni yosh oilalar uchun ko‘p kvartirali (keyingi o‘rinlarda «Kamolot» uylari deb ataladi) uylar etib rekonstruksiya qilish;

«Kamolot» uylaridagi kvartiralarni tijorat banklari tomonidan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo‘li bilan mulk qilib yosh oilalarga ushbu qarorga muvofiq «Kamolot» uylaridagi sotib olinadigan kvartiralar qiymatini to‘lash uchun, boshlang‘ich badal to‘lamasdan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan foizli stavka bilan 20-yil muddatga, shu jumladan 5-yillik imtiyozli davrga berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Belgilansinki:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati «Kamolot» uylarini qurish va rekonstruksiya qilishning buyurtmachilari hisoblanadi;

kvartiralar qiymatini maqbullashtirish maqsadida uylarni qurish, qoidaga ko‘ra, mavjud qurilishi tugallanmagan binolar va boshqa obyektlarni, uy-joylarni tegishli infratuzilma bilan ta’minlashni hisobga olgan holda tashkil etish uchun eng qulay loyihalar bo‘yicha rekonstruksiya qilish shaklida amalga oshiriladi;

«Kamolot» uylarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish doirasida buyurtmachi yoki pudrat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foizli stavka bilan 5-yilgacha muddatga beriladigan tijorat banklari kreditlarini jalb etishlari mumkin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-dekabrdagi PQ-1666-son qarori bilan tuzilgan Hukumat komissiyasiga yosh oilalar uchun uy-joy obyektlarining o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirib borish yuklansin.

4. «Kamolot»ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda «Kamolot» uylariga aylantirish uchun rekonstruksiya qilishga bosqichma-bosqich berish maqsadida mavjud foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash uchun ularning to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmachilar bilan birgalikda, o‘tkazilgan xatlov asosida:

mavjud foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni «Kamolot» uylariga aylantirish uchun rekonstruksiya qilishning titul ro‘yxatlarini belgilangan tartibda Hukumat komissiyasi bilan kelishilishini;

pudrat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilishini;

qurilishlarning uzil-kesil manzilli ro‘yxatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasinlar.

7. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 3-yanvardagi 2-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 1-son, 1-modda) bilan tasdiqlangan Uy-joy qurilishiga, uni rekonstruksiya qilishga va sotib olishga ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi Nizomga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.

8. Vazirliklar va idoralar o‘zlarining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari B.I. Zakirov va A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri 

Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2014-yil 8-sentyabr,

250-son

Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi 250-son qaroriga 1-ilova

«KAMOLOT»NING KO‘P KVARTIRALI UYLARIDAN YOSh OILALARGA KVARTIRALAR BЕRISH MASALALARINI KO‘RIB CHIQISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOM

I. UMUMIY QOIDALAR

1. Ushbu Nizom «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2014-yil 6 fevraldagi PQ-2124-son qaroriga muvofiq «Kamolot»ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar (keyingi o‘rinlarda kvartiralar deb ataladi) berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

yosh oilalar — ro‘yxatdan o‘tkazilgan nikohga birinchi marta kirgan, ushbu Nizomga muvofiq «Kamolot»ning ko‘p kvartirali uylaridan kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish uchun hisobga qo‘yish to‘g‘risida ariza berilgan paytda har birining yoshi 30 yoshdan oshmaydigan er-xotinlar;

hududiy komissiya — ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq tarkibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan hamda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadigan «Kamolot»ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya;

tavsiyanoma — «Kamolot» YIH Markaziy kengashi tomonidan berilgan tavsiyanoma imtiyozli ipoteka kreditini oluvchi bilan kredit oluvchi doimiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan joyda joylashgan tijorat banki o‘rtasida ipoteka krediti berish to‘g‘risida shartnoma tuzish uchun asos hisoblanadi.

3. Kvartiralar yosh oilalarga tijorat banklari tomonidan sotib olinadigan kvartira qiymatini to‘lash uchun, shu jumladan 5-yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki badalni to‘lamasdan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng foizli stavka bilan 20-yil muddatga beriladigan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo‘li bilan mulk qilib beriladi.

Yosh oilalarning kvartira sotib olish to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.

II. KVARTIRA BЕRISH UCHUN YOSh OILALARNI HISOBGA OLISH

4. Kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish huquqiga turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda fan, san’at, adabiyot, sport sohasida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar (qoidaga ko‘ra, davlat mukofotlari, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohiblari, nufuzli xalqaro va respublika musobaqalari, tanlovlar va olimpiadalar sovrindorlari) ega bo‘ladilar.

5. Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilalarni hisobga qo‘yish quyidagi shartlardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda:

a) er-xotinlar doimiy ro‘yxatdan o‘tish joyi bo‘yicha yosh oila ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz binolardagi turar joyda yashaydigan joy bo‘yicha uy-joy mulkdori bo‘lmasa;

b) oila a’zolari orasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob chekuvchi va alohida kvartirada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar bor bo‘lsa «Kamolot» YIH Markaziy kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

6. Ushbu Nizomning 5-bandida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda er-xotinlarning xohishi bo‘yicha yosh oila bir yoki bir vaqtning o‘zida barcha asoslar bo‘yicha hisobga qo‘yilishi mumkin.

7. Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilani hisobga qo‘yish uchun er-xotindan biri doimiy ro‘yxatdan o‘tish joyi bo‘yicha «Kamolot» YIH tuman (shahar) kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) «Kamolot» YIH tuman (shahar) kengashi raisi nomiga ariza;

b) nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;

v) oilaning tarkibi to‘g‘risida yashash joyidan berilgan ma’lumotnoma va oila a’zolarining pasportlari (tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar) nusxalari;

g) yashash joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan yosh oilaning turar joy sharoitlari ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan shartlarga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

d) ish beruvchining muhri bilan tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi;

ye) doimiy ish joyidan berilgan ariza beruvchining (oila a’zolarining) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar yoki ularning yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan ariza beruvchining (oila a’zolari — er va xotinning) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning nusxalari;

j) O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi tomonidan berilgan er-xotinda mulk huquqi bilan turar joy yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

z) yosh oila ushbu Nizomning 4-bandi talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar.

8. Hujjatlar «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakati tuman (shahar) kengashining mas’ul shaxsi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, ularning nusxalari tilxat ostida hujjatlar qabul qilingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda ariza beruvchiga topshiriladi.

Ariza turar joy berishga arizalarni ro‘yxatga olishning alohida jurnalida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

9. «Kamolot» YIHning tuman (shahar) kengashi olingan hujjatlarni ular qabul qilib olingan kundan boshlab ikki kun muddatda ko‘rib chiqish uchun Hududiy komissiyaga yuboradi.

10. Hududiy komissiya hujjatlar «Kamolot» YIHning tuman (shahar) kengashiga taqdim etilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini har tomonlama o‘rganadi, barcha hujjatlarning haqiqiyligini tekshiradi. Bunda, hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish, shuningdek uning haqiqiyligi uchun hududiy komissiya javob beradi.

Hududiy komissiya joyning o‘ziga chiqib ariza beruvchining turar joy sharoitlarini, kreditga layoqatliligini (ariza beruvchi va oila a’zolarining daromadini) o‘rganadi. O‘rganish natijalari bo‘yicha tekshirish dalolatnomasini tuzadi.

Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hududiy komissiya yosh oilani turar joy sharoitlarini yaxshilash uchun muhtoj sifatida hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida xulosa tuzadi.

Hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi xulosa, tekshirish dalolatnomasi taqdim etilgan hujjatlar ilova qilingan holda uch kun muddatda «Kamolot» YIH Markaziy kengashiga yuboriladi.

11. Hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda hududiy komissiya ikki kun muddatda hujjatlar va xulosani rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda «Kamolot» YIH tuman (shahar) kengashiga yuboradi.

«Kamolot» YIH tuman (shahar) kengashi ikki kun muddatda ariza beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni qaytargan holda rad etish sabablari to‘g‘risida ularni yozma ravishda xabardor qiladi.

12. «Kamolot» YIH Markaziy kengashi hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etilgan xulosa va hujjatlarni ko‘rib chiqib yosh oilani uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

13. Hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risidagi qaror «Kamolot» YIH Markaziy kengashi tomonidan hujjatlar tegishli hududiy komissiya tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab 5 ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.

14. «Kamolot» YIH Markaziy kengashi hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kunidan kechikmay qarorni tegishli hududiy komissiyaga yuboradi.

15. Hududiy komissiya 5 ish kuni mobaynida «Kamolot» YIH Markaziy kengashi tomonidan qabul qilingan qaror to‘g‘risida ariza beruvchini va «Kamolot» YIH tuman (shahar) kengashini yozma ravishda xabardor qiladi.

Ushbu Nizomning 4 va 5-bandlarida keltirilgan asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda, shuningdek agar taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 7-bandi talablariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda hisobga qo‘yish rad etilishi mumkin.

III. YOSh OILALARGA IPOTЕKA KRЕDITI ASOSIDA KVARTIRALAR BЕRISH

16. «Kamolot» YIH Markaziy kengashining tavsiyanomasi (ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha) hisobda turgan yosh oilalarga ular uchun zarur bo‘lgan turar joy-maydoni mavjudligidan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqdim etiladi.

Hisobga qo‘yish sanasi, agar holatlar teng bo‘lgan hollarda — uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasidan kelib chiqish kvartirani ipoteka krediti asosida sotib olish izchilligini aniqlashning asosiy sharti hisoblanadi.

17. Agar:

er-xotinning har ikkisi yetimlar — «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari bo‘lsa;

imtiyozli ipoteka krediti oluvchi oila a’zolarining biri yoki bir nechtasi ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob cheksa, «Kamolot» YIH Markaziy kengashining tavsiyanomasi navbatdan tashqari beriladi.

18. «Kamolot» YIH Markaziy kengashi tavsiyanoma berish bilan bir vaqtda tegishli pudrat qurilish tashkilotlariga belgilangan tartibda kvartiralarga oldi-sotdi shartnomalarini tuzish uchun tavsiyanoma olgan shaxslar ro‘yxatini yuboradi.

Pudrat qurilish tashkilotlari ro‘yxatlar olingan kundan boshlab o‘n ish kuni mobaynida ular asosida kvartiralarning oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini ta’minlaydi.

IV. YAKUNLOVCHI QOIDA

19. «Kamolot» YIH Markaziy kengashi-yilning har choragida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga imtiyozli ipoteka kreditlarini olish uchun berilgan hujjatlar ko‘rib chiqilishi va kvartiralar ajratilishi to‘g‘risidagi axborotni kiritadi.

«Kamolot»ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga 1-ilova

«KAMOLOT»NING KO‘P KVARTIRALI UYLARIDAGI KVARTIRALARNI IPOTЕKA KRЕDITI ASOSIDA SOTIB OLISH MASALALARINI KO‘RIB CHIQISH BO‘YICHA HUDUDIY KOMISSIYALARNING NAMUNAVIY TARKIBI

1. «Kamolot» Yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislari — komissiya raisi.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyat va Toshkent shahri hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari - komissiya raisining o‘rinbosari.

(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 4-maydagi 138-son qarori tahririda - O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 18-son, 198-modda)

3. Tumanlar (shaharlar) hokimlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmatlar sohasi va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari.

(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 4-maydagi 138-son qarori tahririda - O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 18-son, 198-modda)

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri hamda viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari rahbarlari.

5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy boshqarmasi rahbari.

6. «Mahalla» xayriya jamoat fondining hududiy, tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlari.

7. Moliyalashtiruvchi tijorat banklarining mintaqaviy va tuman filiallari rahbarlari.

«Kamolot»ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga 2-ilova

«KAMOLOT»NING KO‘P KVARTIRALI UYLARIDAGI KVARTIRALARNI IPOTЕKA KRЕDITI ASOSIDA SOTIB OLISH TO‘G‘RISIDA SHARTNOMALAR TUZISH UCHUN TAVSIYALARNI YOSh OILALARGA TAQDIM ETISH SXЕMASI

«Kamolot»ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga 3-ilova

TЕGISHLI TIJORAT BANKIGA TAQDIM ETISH UCHUN «KAMOLOT» YIH MARKAZIY KЕNGASHINING UY-JOYGA MUHTOJLAR SIFATIDA HISOBGA QO‘YILGAN YOSh OILALARGA TAVSIYANOMASI SHAKLI

Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi 250-son qaroriga 2-ilova

VAZIRLAR MAHKAMASINING 2007-YIL 3-YANVARDAGI 2-SON QARORI BILAN TASDIQLANGAN UY-JOY QURILISHIGA, UNI RЕKONSTRUKSIYA QILISHGA VA SOTIB OLISHGA IPOTЕKA KRЕDITI BЕRISH TO‘G‘RISIDAGI NIZOMGA KIRITILAYOTGAN QO‘SHIMCHALAR

1. 7-bandning 3-kichik bandiga «Kamolot» yosh oilalar uchun ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olishga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foizli stavka bilan 20 yil muddatga beriladigan kreditlar bundan mustasno» so‘zlari qo‘shilsin.

2. 10-bandga «Yosh oilalar uchun «Kamolot» ko‘p kvartirali uylaridagi kvartiralarni sotib olishga kreditlar bundan mustasno» so‘zlari qo‘shilsin.

3. 12-bandning uchinchi xatboshiga «ega bo‘lishlari kerak» so‘zlaridan keyin «yosh oilalar uchun «Kamolot» ko‘p kvartirali uylaridagi kvartiralarni sotib olishga kreditlar bundan mustasno» so‘zlari qo‘shilsin.

4. 25-bandda:

3-kichik bandga quyidagi mazmundagi jumla qo‘shilsin:

«Ushbu ma’lumotnoma yosh oilalar uchun «Kamolot» ko‘p kvartirali uylaridagi kvartiralarni sotib olishga kreditlar olishda talab qilinmaydi»;

quyidagi mazmundagi 5-kichik band qo‘shilsin:

«5) tijorat banklariga «Kamolot» YIH Markaziy kengashining yosh oilalar uchun «Kamolot» ko‘p kvartirali uylaridagi kvartiralarni sotib olishga ipoteka krediti berish bo‘yicha shartnomalar tuzish uchun tavsiyanomasi».