Ma’lumot

O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTINING FARMONI

YOSh OILALARNI MODDIY VA MA’NAVIY QO‘LLAB-QUVVATLASHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 19-20-son, 192-modda)

«O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga doir davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi Qonun, «Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturiga muvofiq va yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, mehnat faoliyatini boshlash va mustaqil hayotga kirib kelishida ularga zarur yordam ko‘rsatish, barqaror daromad manbalarini shakllantirish mexanizmlari va amaliy rag‘batlantirish omillarini yaratish hamda ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida:

1. Quyidagilar joylardagi davlat hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, «Mahalla» jamg‘armasi, «Oila» markazi, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining eng muhim vazifasi hisoblansin:

respublikamizning har bir hududida yangi ish o‘rinlari ochish, yoshlarni kichik biznes va tadbirkorlikka faol jalb qilish, yosh oilalarga o‘z ishini tashkil etish uchun mikrokreditlar ajratish, kasanachilikni rivojlantirish, ularga imtiyozli ravishda qoramollar sotish asosida mehnat bilan bandligini ta’minlash va yosh oilalarning barqaror daromad manbalarini shakllantirish uchun zarur sharoit yaratish;

yosh oilalarga ipoteka va iste’mol kreditlari ajratish yo‘li bilan uy-joy sotib olish yoki qurish, uy xo‘jaligini yo‘lga qo‘yishda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda yosh oilalarga amaliy yordam berish, ularga sifatli ta’lim, tibbiy, huquqiy, axborot, maslahat va boshqa, jumladan bolalar sog‘lig‘ini saqlash va tarbiyalashni ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;

yosh oilalarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, yoshlarda o‘zi qurgan yangi oila uchun g‘urur va mas’uliyat hissini, ota-onaga, keksa avlod vakillariga hurmat-ehtirom, mehnat qilish va xalqimizning boqiy ma’naviy qadriyatlari ruhida bola tarbiyalashga intilish tuyg‘ularini shakllantirish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga, shu jumladan nikohdan o‘tish va to‘y marosimlarini o‘tkazishda qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatish.

2. Tijorat banklari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining tijorat banklari tomonidan imtiyozli shartlar asosida yosh oilalarga ipoteka, iste’mol kreditlari va mikrokreditlar shaklida quyidagi maqsadlar uchun 2007-yilda 50,0 milliard so‘m ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

 kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil qilish;

 uy-joy qurish, ta’mirlash va sotib olish (ijaraga olish);

 uy-xo‘jaligini yo‘lga qo‘yish;

 mebel va boshqa uzoq muddat foydalaniladigan hayotiy zarur tovarlar sotib olish.

Tijorat banklari, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga yosh oilalarga ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar uchun 2007-yilga mo‘ljallangan hajmdan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha kredit mablag‘larini izlab topish va ajratish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflarni har yili Vazirlar Mahkamasiga kiritish tavsiya etilsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, qonunchilikka muvofiq, mazkur Farmon tatbiq etiladigan yosh oila toifasiga, har biri 30 yoshdan oshmagan, birinchi marta rasmiy nikohdan o‘tgan yoshlar kiradi.

4. Belgilansinki, jismoniy shaxslar — yosh oila a’zolarining soliqqa tortiladigan daromadlariga quyidagi daromadlari kirmaydi:

soliqqa tortiladigan ish haqi va boshqa daromadlarning shaxsiy uy-joy yoki ko‘p qavatli uyda xonadon qurish, ta’mirlash va sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlari va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltirilgan summasi;

xo‘jalik subyekti — ish beruvchidan uy-joy sotib olish uchun olingan mablag‘.

Sotib olingan (mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) kundan boshlab besh yil ichida ushbu mol-mulk sotilsa, mazkur bandda ko‘rsatilgan daromadlar belgilangan tartibda jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan soliqqa tortiladi.

5. Xo‘jalik subyektlariga daromad solig‘i yoki yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliqqa tortiladigan bazani yosh oilalar toifasiga kiruvchi xodimlarga ipoteka kreditlari badallari to‘lashga va (yoki) mulk sifatida uy-joy sotib olishga tekin berilgan mablag‘lar summasiga teng hajmda, ammo soliqqa tortiladigan bazaning 10 foizidan oshmagan miqdorda, kamaytirish huquqi berilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur Farmonda ko‘zda tutilgan soliq imtiyozlarini qo‘llash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Davlat mulki qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda:

2007-yil 1-sentyabrgacha davlat tasarrufida bo‘lgan vaqtincha foydalanilmayotgan yotoqxonalar, uylar va ko‘p xonadonli uylardagi bo‘sh turgan xonalarni ulardagi maishiy sharoitlarning yosh oilalar yashashi uchun mos kelishi nuqtai-nazaridan inventarizatsiya qilsin;

2007-2008 yillar davomida Nukus shahrida, har bir viloyat markazi va Toshkent shahrida foydalanilmayotgan yotoqxonalar, uy-joylar va ko‘p xonadonli uylardagi bo‘sh turgan xonalar negizida oilaviy yotoqxonalar va yosh oilalar uchun imtiyozli narxlarda ijaraga beriladigan kvartiralar tashkil etsin.

Belgilab qo‘yilsinki, mazkur bandga muvofiq yosh oilalarga beriladigan uy-joyni ta’mirlashni moliyalash hamda uni zarur sanitariya-maishiy asboblar bilan jihozlash tegishli mahalliy byudjetlarning daromad qismi ko‘rsatkichlarining oshirib bajarilgan summasi hamda «Ijtimoiy himoya yili» Davlat dasturini amalga oshirish doirasida jalb qilinayotgan homiylar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat mulki qo‘mitasi Moliya vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan vaqtincha foydalanilmayotgan yotoqxonalar, uylar va ko‘p xonadonli uylardagi bo‘sh turgan xonalarni yosh oilalarga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqqan holda qonun hujjatlarga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2007-yil 18-may,

PF-3878-son