Yangiliklar

Guliston shahrida 32 xonadondan iborat “Yoshlar” uylari foydalanishga topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 250-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati Guliston shahri markazida 32 xonadonga mo‘ljallangan to‘rt qavatli “Yoshlar” uylarining kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi faollari, nuroniylar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoatchilik va yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari O.Abdug‘aniyev va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi ​Sh.Zayniddinovlar so‘zga chiqishdi. Ular o‘z nutqlarida Prezidentimiz rahnomoligida yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilayotgan alohida e’tibor aholi farovonligi va turmush madaniyatini yuksaltirish bilan birga, yurtdoshlarimizning ongu tafakkuri, hayotga munosabatini o‘zgartirib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlashdi.

Mazkur “Yoshlar” uylarini qurilishi uchun moliyalashtiruvchi “O‘zsanoatqurilishbank” Sirdaryo mintaqaviy filiali tomonidan 4 mlrd 200 mln so‘m moliyalashtirilgan bo‘lib, qurilish ishlari “Guliston maxsus montaj” MChJ tomonidan bajarilgan.

Joriy yilning dekabr oyida yana Guliston shahri markazida to‘rt qavatli 32 ta xonadon yosh oilalarga “Yoshlar” uylari topshirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumotni ulashing: