Ma’lumot

O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

MAMLAKATNING IJTIMOIY HAYOTIDA FAOL QATNASHAYOTGAN YOSH OILALARNI UY-JOY BILAN TA’MINLASHNI YANADA QO‘LLAB-QUVVATLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

“O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2014-yil 6-fevraldagi PQ-2124-son qaroriga muvofiq, shuningdek mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni yanada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylar qurish hamda mavjud foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni yosh oilalar uchun ko‘p kvartirali (keyingi o‘rinlarda Yoshlar uylari deb ataladi) uylar etib rekonstruksiya qilish;

Yoshlar uylaridagi kvartiralarni tijorat banklari tomonidan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo‘li bilan mulk qilib yosh oilalarga ushbu qarorga muvofiq Yoshlar uylaridagi sotib olinadigan kvartiralar qiymatini to‘lash uchun, boshlang‘ich badal to‘lamasdan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiziga teng bo‘lgan foizli stavka bilan 20 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davrga berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Belgilansinki:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati Yoshlar uylarini qurish va rekonstruksiya qilishning buyurtmachilari hisoblanadi;

kvartiralar qiymatini maqbullashtirish maqsadida uylarni qurish, qoidaga ko‘ra, mavjud qurilishi tugallanmagan binolar va boshqa obyektlarni, uy-joylarni tegishli infratuzilma bilan ta’minlashni hisobga olgan holda tashkil etish uchun eng qulay loyihalar bo‘yicha rekonstruksiya qilish shaklida amalga oshiriladi;

Yoshlar uylarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish doirasida buyurtmachi yoki pudrat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshmaydigan foizli stavka bilan 5 yilgacha muddatga beriladigan tijorat banklari kreditlarini jalb etishlari mumkin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-dekabrdagi PQ-1666-son qarori bilan tuzilgan Hukumat komissiyasiga yosh oilalar uchun uy-joy obyektlarining o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirib borish yuklansin.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga quriladigan Yoshlar uylarining sifati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.

4. Yoshlarning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Yoshlar uylariga aylantirish uchun rekonstruksiya qilishga bosqichma-bosqich berish maqsadida mavjud foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash uchun ularning to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmachilar bilan birgalikda, o‘tkazilgan xatlov asosida:

mavjud foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan obyektlarni Yoshlar uylariga aylantirish uchun rekonstruksiya qilishning titul ro‘yxatlarini belgilangan tartibda Hukumat komissiyasi bilan kelishilishini;

pudrat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilishini;

qurilishlarning uzil-kesil manzilli ro‘yxatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasinlar.

7. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 3-yanvardagi 2-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2007 y., 1-son, 1-modda) bilan tasdiqlangan Uy-joy qurilishiga, uni rekonstruksiya qilishga va sotib olishga ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimchalar kiritilsin.

8. Vazirliklar va idoralar o‘zlarining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari B.I. Zakirov va A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,
2014-yil 8-sentyabr,
250-son

Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi 250-son qaroriga 1-ILOVA

Yoshlarning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2014-yil 6-fevraldagi PQ-2124-son qaroriga muvofiq Yoshlarning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar (keyingi o‘rinlarda kvartiralar deb ataladi) berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

yosh oilalar — ushbu Nizomga muvofiq Yoshlarning ko‘p kvartirali uylaridan ipoteka krediti asosida kvartiralarni sotib olish uchun hisobga qo‘yish to‘g‘risida ariza berilgan paytda er-xotinning ikkisi ham o‘ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol).

hududiy komissiya — ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq tarkibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan hamda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadigan Yoshlarning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya;

tavsiyanoma — Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan berilgan tavsiyanoma imtiyozli ipoteka kreditini oluvchi bilan kredit oluvchi doimiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan joyda joylashgan tijorat banki o‘rtasida ipoteka krediti berish to‘g‘risida shartnoma tuzish uchun asos hisoblanadi.— Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan berilgan tavsiyanoma imtiyozli ipoteka kreditini oluvchi bilan kredit oluvchi doimiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan joyda joylashgan tijorat banki o‘rtasida ipoteka krediti berish to‘g‘risida shartnoma tuzish uchun asos hisoblanadi.

3. Kvartiralar yosh oilalarga tijorat banklari tomonidan sotib olinadigan kvartira qiymatini to‘lash uchun, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki badalni to‘lamasdan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiziga teng foizli stavka bilan 20 yil muddatga beriladigan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo‘li bilan mulk qilib beriladi.

Yosh oilalarning kvartira sotib olish to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.

II. Kvartira berish uchun yosh oilalarni hisobga olish

4. Quyidagilar kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish huquqiga egadir:

a) turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda fan, san’at, adabiyot, sport sohasida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar (qoidaga ko‘ra, davlat mukofotlari, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohiblari, nufuzli xalqaro va respublika musobaqalari, tanlovlar va olimpiadalar sovrindorlari);

b) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida uch yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yosh oilalar — O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi taqdimnomasi asosida;

v) faoliyat yuritayotgan mehnat jamoasida alohida namuna va xizmat ko‘rsatgan yosh oilalarga — davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlarining rahbarlari tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi taqdimnomasi asosida.

5. Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilalarni hisobga qo‘yish quyidagi shartlardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda:

a) er-xotinlar doimiy ro‘yxatdan o‘tish joyi bo‘yicha yosh oila ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz binolardagi turar joyda yashaydigan joy bo‘yicha uy-joy mulkdori bo‘lmasa;

b) oila a’zolari orasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob chekuvchi va alohida kvartirada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar bor bo‘lsa Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

6. Ushbu Nizomning 5-bandida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda er-xotinlarning xohishi bo‘yicha yosh oila bir yoki bir vaqtning o‘zida barcha asoslar bo‘yicha hisobga qo‘yilishi mumkin.

7. Turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilani hisobga qo‘yish uchun er-xotindan biri doimiy ro‘yxatdan o‘tish joyi bo‘yicha Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashi raisi nomiga ariza;

b) nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi, farzand (bola) tarbiyalab voyaga yetkazayotgan yolg‘iz ota yoki yolg‘iz onaning ilgari nikohda bo‘lmaganligi yoxud nikohdan ajralganligi, beva erkak (beva ayol) to‘g‘risida FHDYO organidan berilgan ma’lumotnoma;

v) oilaning tarkibi to‘g‘risida yashash joyidan berilgan ma’lumotnoma va oila a’zolarining pasportlari (tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar) nusxalari;

g) yashash joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan yosh oilaning turar joy sharoitlari ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan shartlarga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

d) ish beruvchining muhri bilan tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi;

ye) doimiy ish joyidan berilgan ariza beruvchining (oila a’zolarining) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar yoki ularning yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan ariza beruvchining (oila a’zolari — er va xotinning) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning nusxalari;

j) O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi tomonidan berilgan er-xotinda mulk huquqi bilan turar joy yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

z) yosh oila ushbu Nizomning 4-bandi talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar.

8. Hujjatlar Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining mas’ul shaxsi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, ularning nusxalari tilxat ostida hujjatlar qabul qilingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda ariza beruvchiga topshiriladi.

Ariza turar joy berishga arizalarni ro‘yxatga olishning alohida jurnalida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

9. Yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kengashi olingan hujjatlarni ular qabul qilib olingan kundan boshlab ikki kun muddatda ko‘rib chiqish uchun Hududiy komissiyaga yuboradi.

10. Hududiy komissiya hujjatlar Yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kengashiga taqdim etilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini har tomonlama o‘rganadi, barcha hujjatlarning haqiqiyligini tekshiradi. Bunda, hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish, shuningdek uning haqiqiyligi uchun hududiy komissiya javob beradi.

Hududiy komissiya joyning o‘ziga chiqib ariza beruvchining turar joy sharoitlarini, kreditga layoqatliligini (ariza beruvchi va oila a’zolarining daromadini) o‘rganadi. O‘rganish natijalari bo‘yicha tekshirish dalolatnomasini tuzadi.

Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hududiy komissiya yosh oilani turar joy sharoitlarini yaxshilash uchun muhtoj sifatida hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida xulosa tuzadi.
Oldingi tahrirga qarang.

Hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi xulosa, tekshirish dalolatnomasi taqdim etilgan hujjatlar ilova qilingan holda uch kun muddatda Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashiga yuboriladi.

11. Hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda hududiy komissiya ikki kun muddatda hujjatlar va xulosani rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashiga yuboradi.

Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashi ikki kun muddatda ariza beruvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni qaytargan holda rad etish sabablari to‘g‘risida ularni yozma ravishda xabardor qiladi.

12. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etilgan xulosa va hujjatlarni ko‘rib chiqib yosh oilani uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

13. Hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risidagi qaror Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan hujjatlar tegishli hududiy komissiya tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab 5 ish kunidan kechikmay qabul qilinadi.

14. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kunidan kechikmay qarorni tegishli hududiy komissiyaga yuboradi.

15. Hududiy komissiya 5 ish kuni mobaynida Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tomonidan qabul qilingan qaror to‘g‘risida ariza beruvchini va Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashini yozma ravishda xabardor qiladi.

Ushbu Nizomning 4 va 5-bandlarida keltirilgan asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda, shuningdek agar taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 7-bandi talablariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda hisobga qo‘yish rad etilishi mumkin.

III. Yosh oilalarga ipoteka krediti asosida kvartiralar berish

16. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining tavsiyanomasi (ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha) hisobda turgan yosh oilalarga ular uchun zarur bo‘lgan turar joy maydoni mavjudligidan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqdim etiladi.

Hisobga qo‘yish sanasi, agar holatlar teng bo‘lgan hollarda — uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasidan kelib chiqish kvartirani ipoteka krediti asosida sotib olish izchilligini aniqlashning asosiy sharti hisoblanadi.

17. Agar:
er-xotinning har ikkisi yetimlar — “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari bo‘lsa;

imtiyozli ipoteka krediti oluvchi oila a’zolarining biri yoki bir nechtasi ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob cheksa.

imtiyozli ipoteka krediti oluvchi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida kamida uch yil mobaynida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy faol yoshlardan bo‘lsa, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining tavsiyanomasi navbatdan tashqari beriladi.

18. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi tavsiyanoma berish bilan bir vaqtda tegishli pudrat qurilish tashkilotlariga belgilangan tartibda kvartiralarga oldi-sotdi shartnomalarini tuzish uchun tavsiyanoma olgan shaxslar ro‘yxatini yuboradi.

Pudrat qurilish tashkilotlari ro‘yxatlar olingan kundan boshlab o‘n ish kuni mobaynida ular asosida kvartiralarning oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini ta’minlaydi.

IV. Yakunlovchi qoida

19. Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi yilning har choragida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga imtiyozli ipoteka kreditlarini olish uchun berilgan hujjatlar ko‘rib chiqilishi va kvartiralar ajratilishi to‘g‘risidagi axborotni kiritadi.

“Yoshlar”ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 1-ILOVA

Yoshlarning ko‘p kvartirali uylaridagi kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiyalarning

NAMUNAVIY TARKIBI

1. Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari raislari — komissiya raisi.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyat va Toshkent shahri hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari — komissiya raisining o‘rinbosari.

3. Tumanlar (shaharlar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri hamda viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari rahbarlari.

5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy boshqarmasi rahbari.

6. “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy, tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlari.

7. Moliyalashtiruvchi tijorat banklarining mintaqaviy va tuman filiallari rahbarlari.

“Yoshlar”ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ILOVA

Yoshlarning ko‘p kvartirali uylaridagi kvartiralarni ipoteka krediti asosida sotib olish to‘g‘risida shartnomalar tuzish uchun tavsiyalarni yosh oilalarga taqdim etish