Yangiliklar

Buxoroda namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarida qurilgan “Yoshlar” uylari oʻz egalariga topshirildi

Buxoro viloyatida namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarida qurilgan jami 34ta arzon uy-joylar yosh oilalarga topshirildi. Xususan, 2018-yil 26-noyabr kuni ana shunday tipdagi uylardan biri Buxoroda boʻlib oʻtayotgan “Oʻzbekiston yoshlari - yangi zamon bunyodkorlari” shiori ostidagi yoshlar festivali doirasida Qorakoʻl tumani “Doʻrmon” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18-yanvardagi PQ-3480-sonli Qarori asosida qurilgan 2 sotixdan iborat “Yoshlar” uylarining kaliti topshirildi.

Ana shunday uylarda biri “Yevroosiyo-2007” sport oʻyinlarida 2-oʻrin, sportning erkin kurash turi boʻyicha Oʻzbekiston birinchiligida 1-oʻrin, Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston chempionatida 3 marotaba 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan Qorakoʻllik Hamidov Otabek Zarifboy oʻgʻliga topshirildi.

Koʻrkam, shinam kottedjga koʻchib oʻtgan Otabek va uning oilasining xursandchiligi cheksiz.

– Sportchiman, chiroyli gaplarni bilmayman, - deydi Otabek biz bilan suhbatda. Lekin bir narsani aniq bilaman. Bobolarim, ota-onamning 40-50 yoshida ham shaxsiy uy-joyi boʻlmagan. Men esa 25 yoshimda uy-joyga ega boʻlib oʻtiribman. Bu ham albatta prezidentimizning biz yoshlarga berayotgan imkoniyatlarining samarasidir.

Sportchiman, quruq vaʼda bermayman. Mazkur imkoniyatlarga javoban yana 10 karra, 100 karra Osiyo, jahon, Olimpiada chempioni boʻlaman.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 250-sonli Qarori asosida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tavsiyanomasiga ega boʻlgan yoshlar soni viloyat miqyosida qishloq joylarida 33 nafarni tashkil etadi.

Ma’lumotni ulashing: