Yangiliklar

24–27-oktyabr kunlariga rejalashtirilgan oʻquv-seminar yakunlandi

Xabaringiz bor, 2018-yil 24–27-oktyabr kunlari Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlarida faoliyat olib boruvchi yuriskonsultlar va Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash boʻlimi mudirlari ishtirokida oʻquv-seminar mashgʻulotlari boʻlib oʻtayotgani haqida xabar bergan edik.

Mazkur oʻquv-seminarning soʻnggi kunida “Yoshlar” uylarini sotib olishning elektron navbat tizimining tizimli yuritilishi hamda yoshlaruyi.uz saytida “Yoshlar” uylaridan birini sotib olish uchun hujjatlarini Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) Kengashiga taqdim etgan nomzodlar hududiy hamda Respublika komissiyalari ishini onlayn kuzatib borishning elektron tizimini respublika boʻylab yaqin kunlarda(ishga tushirilish sanasi qoʻshimcha maʼlum qilinadi) toʻliq ishga tushirilishi hamda mazkur tizimni yuritish uchun masʼul boʻlgan xodimlar uchun unda ishlash koʻnikmalari boʻyicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, 2017-yil 5-dekabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi oʻrtasida yoshlar masalalari sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandumning Markaziy, hududiy va mahalliy Kengashlaridagi uning ijrosi boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi va amalga oshirilishi zarur boʻlgan taʼsirchan chora-tadbirlar belgilandi.

Oʻquv-seminar ishtirokchilari tomonidan oʻquv mashgʻulotlari davomida berilgan takliflar asosida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

Oʻtkazilgan oʻquv-seminar yakunida tizimdagi oʻz faoliyati davomida adolatli va qonun talablari asosida hamda alohida naʼmuna koʻrsatgan xodimlardan bir guruhi tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar bilan munosib taqdirlandi.

Ma’lumotni ulashing: