Yangiliklar

Namangan shahrida 32 xonadondan iborat “Yoshlar” uylari foydalanishga topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Namangan shahrida 32 xonadonga mo‘ljallangan “Yoshlar” uylarining kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Namangan shahridagi  “Xalqlar do‘stligi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qad rostlagan mazkur uy-joylar 32 nafar yosh oilalarga boshlang‘ich badalsiz, 20 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti asosida to‘lab borish sharti bilan berildi.

Topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoatchilik va yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Paxriddin Matkarimov so‘zga chiqib, navqiron avlod uchun ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik yigit-qizlarimizning Vatan ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishi, o‘qib-izlanishi uchun ulkan rag‘bat bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi. 

Shuningdek, yosh oila vakillari tomonidan Prezidentimiz rahnomoligida yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilayotgan alohida e’tibor aholi farovonligi va turmush madaniyatini yuksaltirish bilan birga, yurtdoshlarimizning ongu tafakkuri, hayotga munosabatini o‘zgartirib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida bildirib o‘tildi.

Mazkur uylar yurtimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishayotgan, respublika va xalqaro olimpiadalar, musobaqalar, festivallarda faol qatnashayotgan yigit-qizlarga berildi.

Qayd etish joiz, hozirgacha Namangan shahri, Mingbuloq, Chortoq, Yangiqo‘rg‘on, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va Namangan tumanalarida qurib bitkazilgan “Yoshlar” uylariga eng faol, ko‘plab sohalarda yutuqlarga erishgan 200 dan ortiq yosh oila vakillari ko‘chib kirishdi.

Ma’lumotni ulashing: