Yangiliklar

Buxoro va Kogon shaharlarida bunyod etilgan “Yoshlar” uylari yosh oilalarga topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Buxoro shahrida 64 xonadonga hamda Kogon shahrida 32 xonadonga mo‘ljallangan “Yoshlar” uylarining kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati kengashi faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoatchilik va yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat hokimi O‘. Barnoyev so‘zga chiqib, navqiron avlod uchun ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik yigit-qizlarimizning Vatan ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishi, o‘qib-izlanishi uchun ulkan rag‘bat bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, yosh oila vakillari tomonidan Prezidentimiz rahnomoligida yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilayotgan alohida e’tibor aholi farovonligi va turmush madaniyatini yuksaltirish bilan birga, yurtdoshlarimizning ongu tafakkuri, hayotga munosabatini o‘zgartirib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

“Yoshlar” uylari bilan taqdirlangan yoshlar orasida fan olimpiadasi g‘oliblari, sport bo‘yicha Osiyo va jahon chempionlari, shuningdek, yuksak natijalarga erishgan tashkilot xodimlari mavjud.

Milliy va zamonaviy me’morchilik uyg‘unligida bunyod etilgan ikki va uch xonadan iborat “Yoshlar” uylarida  barcha sharoitlar yaratilgan.

Ma’lumotni ulashing: