Yangiliklar

“Yoshlar” uylarini berish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi

14-sentyabr kuni Toshkentning Yoshlar ijod saroyida Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda Yoshlar ittifoqining yetakchilari, vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Ochiq muloqot vaqtida Qahramon Quronboyev yetakchi yoshlar bilan suhbat qurib, ular tomonidan yo‘llangan savol hamda takliflarga o‘z munosabatini bildirdi.

Murojaatlar orasida “Kamolot” uylari hamda Yoshlar ittifoqining yangi uylarini ajratish tartibiga oid savollar ham yo‘llandi.

2018-2021 yillarda Yoshlar ittifoqining 258 ta uylarini qurish rejaga kiritilgan. Toshkent shahrining har bir tumanida yetti qavatli turar-joy inshootlari barpo etiladi.

“Hozirda “Kamolot” uylariga 2500 mingdan ortiq inson navbatda turibdi. Albatta, uylarni ajratish loyihasi yakuniga yetkaziladi va kim ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa, turar-joyga ega bo‘ladi. Yoshlar Ittifoqining uylari esa avvalgidek faqatgina qaysidir yutug‘i va muvaffaqiyati uchun emas, balki chindan ham YI hayotida faol ishtirok etayotgan a’zolarga ajratiladi. Shunday odamlar borki, “Kamolot” uyini olgan, biroq “Kamolot” o‘zi nimaligini bilmaydi. Shu sababli ham yoshlarga uy berishning tartib-nizomini qaytadan ko‘rib chiqamiz” - deya qayd etdi Qahramon Quronboyev.

Ma’lumotni ulashing: