Yangiliklar

“Buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali doirasida Termizda “Yoshlar” uylari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi 250-sonli qarori ijrosini ta'minlash hamda O'zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan o'tkazilayotgan “Buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali doirasida Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida 20 nafar yosh oilalarga “Yoshlar” uylari tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati kengashi faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jamoatchilik va yoshlar ishtirok etishdi.

– Oila qurganimizga endi ikki yil boʻldi. Bitta farzandimiz bor. Istiqlolning 28 yillik ayyomi oilamiz va yaqinlarimiz uchun qoʻshaloq bayramga aylandi, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati kengashi boʻlim boshligʻi I.Boboxoʻjayev. – Bugun yangi uyga koʻchib oʻtdik. Uy uchun 25 foiz boshlangʻich toʻlov yoshlar ittifoqi tomonidan toʻlab berildi. Qolgan qismi uchun 20 yilga imtiyozli kredit mablagʻi berilgan. Uning besh yil imtiyozli davri bor. Demoqchimanki, kredit mablagʻini qaytarish ham biz uchun juda qulay. Yosh oilalarga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrlik uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.

Ikki va uch xonali xonadonlarda oilalarning osuda, toʻkin turmush kechirishi uchun zarur qulaylik bor.

Ma’lumotni ulashing: