Yangiliklar

Termiz shahrida 112 nafar yosh oila uylik bo‘ldi

Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Yoshlar kunida Termiz shahridagi Sahovat mahallasida yosh oilalar uchun uchta toʻrt qavatli keng, shinam uy foydalanishga topshirildi.

Yangi uylar ikki va uch xonali boʻlib, bu yerda yosh oilalarning toʻkin, farovon hayot kechirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Farzandlari uchun zamonaviy oʻyin maydonchalari ham qurilgan.

Mamlakatimiz taraqqiyotida faol ishtirok etayotgan, Davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan, fan, taʼlim, madaniyat, sport kabi sohalarda yuksak natijalarga erishgan yoshlar uchun barpo etilgan koʻp qavatli uylarning boshlangʻich toʻlov badalisiz imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgani eʼtiborga sazovordir.

Shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar Alisher Sherboyevning Vatanimiz tinchligini saqlashga munosib hissa qoʻshayotganiga sakkiz yil boʻldi. U bolalikdan sportning qoʻl jangi turi bilan ham shugʻullanadi. Oʻtgan yillarda universal jang boʻyicha bir necha marta Oʻzbekiston va Osiyo chempioni, ikki marta Jahon chempioni boʻldi. 

Nufuzli musobaqalarda yurtimiz dovrugʻini dunyoga keng tarannum etayotgan yosh harbiy ham ikki xonali shinam uyga egalik qildi.

– Turmush oʻrtogʻim bilan bir oʻgʻilni tarbiyalab, kamolga yetkazayapmiz. Bu uy biz uchun Yoshlar kuniga munosib tuhfa boʻldi. Bayram arafasida yangi uyga koʻchib oʻtganimizdan quvonchimiz cheksiz.​– deydi shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar A.Sherboyev. 

Tantanali tadbirda yosh oilalarga yangi xonadonlarning kaliti topshirilib, sovgʻalar ulashildi. Sanʼatkorlar ijrosidagi diltortar kuy-qoʻshiqlar barchaga manzur boʻldi.

Ma’lumotni ulashing: